Ustozonablog
KirishRoʻyxatdan oʻtish

Kutilmalarni 0 dan minus 100 ga tushiring...

Teach For Uzbekistan fellowlari bilan birinchi yil saboqlari

OA

Otabek Abdusattorov

2026-yil 29-avgust4 daqiqa

69

Yangi o‘quv yili oldidan Teach For Uzbekistan dasturiga yangi qo‘shilayotgan fellowlar uchun tayyorgarlik jarayoni qizg‘in kechmoqda. Yozgi institutdagi motivatsiyaga to‘la mashg‘ulotlar, kutilmalar va ta’limni o‘zgartirish istagi — bularning barchasi real maktab ostonasiga qadam qo‘yganda qanday o‘zgaradi?

Bir yillik tajribaga ega fellowlar dastlabki faoliyatida qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi va yangilarga nimalarni tavsiya qiladi? Ushbu savollar atrofida dastur ishtirokchilari (Jasur, Abdulqodir, Omadbek, Sodiqjon) hamda suhbat moderatori (Otabek) o‘rtasida ochiq va samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

1-qism: „Yorib yuboraman“ sindromi yoxud kutilmalar va reallik.

1-savol

Keling, suhbatni eng muhim nuqtadan boshlasak. Dastlabki yilda qilingan qanday xatolardan afsuslanasiz va yangi fellowlarga nimalarni maslahat berasiz?

Jasur (biologiya fani oʻqituvchisi):

— Dastlab kutilmalarni juda katta qilib yubormaslik kerak. Inson o‘zi uchun erishsa bo‘ladigan, real nimadir reja qilib qo‘yishi lozim. „Maktabga borib hammasini yorib yuboraman“ degan narsa bo‘lmaydi. Shunchaki bitta aniq narsani o‘rgatishni maqsad qilish kerak. Boshida xayolimda o‘quvchilarga amaliy jihatdan juda ko‘p narsa bera olaman deb o‘ylagandim, lekin amalga oshmadi. Misol uchun, Qiziriqning o‘zida ham shifoxona, laboratoriya, o‘simliklar karantini, donchilik kabi biologiyaga oid joylar bor. O‘sha yerlarga olib borib, darsni ko‘rsatib o‘taman degan niyatim bor edi. Buning amalga oshmaganida 50 foiz o‘zimni aybdor deb bilsam, qolgan 50 foiz sabab o‘quvchilarning o‘ziga borib taqaladi.

Yana bir xatoyim: noto‘g‘ri taassurot qabul qilganim. Dastlab „juda zo‘r joyga tushdik, bunday sharoit boshqa joyda yo‘q“ deb o‘ylaganmiz. Negaki bizga shunday deyishgandi, miyamizga shu fikrni quyishgandi. Bu xatodan chiqariladigan saboq shuki — inson hamma narsani o‘zi ko‘rib o‘rgansin. Sezgi a’zolari bor, o‘z ko‘zi bilan vaziyatni o‘rgansin. Kimdir miyasiga quyib qo‘ygan tayyor fikr bilan yashash yaxshi emas.

„Hozir yangilar «yorib yuboraman» deb o‘ylashyapti... Lekin shoshmay turinglar, birinchi uch oylikning o‘zida hammasida krash (sinish) holati bo‘ladi. Ichidan ikki-uchtasi ketadi. Bizda bo‘lgan voqealar ularda ham takrorlanadi“. — Jasur

Sodiqjon (informatika fani oʻqituvchisi):

— Men ham shu fikrga qo‘shilaman. Birinchi taassurotlarga aldanmaslik kerak. Yarim yil juda qiyin bo‘lishini ular aniq sezishi lozim. Shuning uchun o‘zini darhol kuchli o‘qituvchi deb bilmasdan, maqtanmasdan, natijani sekin-sekin ko‘rsatgan ma'qul. Kutilmalarni eng pastki nuqtasiga — noldan ham pastga, minus 100 ga tushirib olaverish kerak. O‘shanda biroz ijobiy o‘zgarish ham katta yutuqdek ko‘rinadi.

Sodiqjon va oʻquvchilari (Sodiqjonning shaxsiy arxividan)

2-qism: Birinchi dars sehri va metodikadagi meʼyor.

2-savol:

Haqiqatan ham, motivatsiya va reallik to‘qnashganda, ko‘p narsa darsdagi amaliy harakatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi. Dars jarayoni, ayniqsa birinchi darslardagi xatolaringiz nimalardan iborat bo‘ldi?

Omadbek (matematika fani oʻqituvchisi):

— O‘tgan yili, masalan, o‘zimning matematika fanimdan oladigan bo‘lsam — kirish darsida shunchaki o‘zimni tanishtirganman. Aslida birinchi darsni o‘quvchini faniga jalb qiladigan, qiziqroq qilib o‘tsa yaxshi bo‘lar ekan deb o‘ylayman hozir. O‘sha payt men bunday qilmaganman, 10-sinflarga kiriboq darhol algebra darsiga (fanga) kirib ketganman. Bu katta xato bo‘lgan. Garchi bir o‘quvchimdan „Algebra darsini yaxshi o‘tar ekansiz, geometriyada biroz bo‘shroq ekansiz“ degan fikr eshitib xursand bo‘lgan bo‘lsam-da, fanga qiziqtirish qismini boy berganman.

Abdulqodir (rus tili fani oʻqituvchisi):

— Mening xatoyim o‘yinlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Yilning boshida darsdagi interaktiv o‘yinlarga juda ko‘p fokus qaratganman. Buning oqibatida o‘quvchilar shunga o‘rganib qoldi va keyinchalik akademik nuqtai nazardan chuqurlashib, jiddiy dars o‘tish ancha qiyinlashdi. O‘shaning uchun yangilarga aytardimki: yozgi institutda aytilgan pafosli so‘zlarga juda uchmanglar va iloji boricha boshidan akademik tomondan yondashishga harakat qilinglar.

Abdulqodir va oʻquvchilari (Abdulqodirning shaxsiy arxividan)

Sodiqjon:

— Qo‘shimcha qilaman, metodikani va qiziqarli interaktiv o‘yinlarni birdaniga sochib tashlamaslik kerak. Agar bitta maktabda bir nechta fellow ishlayotgan bo‘lsa, metodlarni o‘zaro bo‘lishib olgan yaxshi. Biri ishlatgan usulni ikkinchisi takrorlamasligi kerak, toki o‘quvchilarda qiziqish yo‘qolmasin.

3-qism: Sinf boshqaruvi va o'qituvchining shaxsiy chegaralari

3-savol:

Jasur, siz boya vaqtida talab qila olmaslik haqida gapirdingiz. Buni qanday tushunish mumkin va sinf boshqaruvida nimalarga e'tibor qaratish kerak?

Jasur:

— Ha, ikkinchi xatoyim shu bo‘lgan. O‘tgan yili biz ancha rejasiz ishladik. „Mana bunday bo‘lishi kerak edi“ yoki „Nima qilaylik?“ degan ochiq savollar bo‘lmadi. O‘z vaqtida hech kim menda nima bo'layotganini so‘ramadi, men ham talab qilib so‘ramaganman. Tavsiyam: o‘qituvchi birinchi navbatda nimani ola bilishini, qanday ishlar qilishi kerakligini tushunib, o‘z chegarasini aniqlab olsin. Keyin o‘shanga yarasha talab qilsin va shu chegara doirasida o‘z ishini xotirjam qilaversin.

Jasur va uning laboratoriyadagi oʻquvchilari (Jasurning shaxsiy arxividan)

Otabek:

— Yana bir jihat — sinf qoidalarini ertaroq o‘rnatmaganimiz. O‘quvchilar bilan aniq shartlarni boshida kelishib olmaganim pand bergan. Qachonki ular bilan aniq kelishuvga erishganimdan keyingina, menda sinf boshqaruvi ancha yaxshilangan.

O‘quvchilarning ismini birinchi kunlardanoq bilib olinglar, bo‘lmasa keyin qiynalib yurasizlar. Menda buni eplash uchun hamma bilim bor edi (masalan, ismni 2-3 marta takrorlash va nimagadir bog‘lab eslab qolish), lekin qilmangaman. Bu mening shaxsiy nuqsonim." — Otabek.

4-qism: Akademik maqsad, rejalashtirish va... sogʻlom xudbinlik

4-savol:

Darsning tashkiliy qismlaridan tashqari, pedagogik rejalashtirishda ham oqsoqliklar bo‘ldimi?

Omadbek:

— Albatta. Darsda erishiladigan aniq maqsadlar bo‘ladi — masalan, „matematikada o‘quvchi mana bu mavzuni tushunib yetishi kerak“ degan yakuniy nuqta. Ana shu narsaga erishish uchun, o‘quvchilarning joriy bilim darajasini inobatga olgan holda, mavzuni o‘ta mayda qismlarga ajratib bo‘lsa ham qadamma-qadam rejalashtirib chiqish kerak ekan. O‘tgan yil davomida menda aynan shu qadamma-qadam rejalashtirish o‘ta kam bo‘ldi. Eng katta tavsiyam va xatoyim mana shu.

Omadbek va oʻquvchilari (Omadbekning shaxsiy arxividan)

Otabek:

— Menda ham shunga o‘xshash vaziyat. Akademik jihatdan hech qanday ta'lim standartlariga tayanmasdan, faqat o‘quv reja-taqvimi bilangina yondashganim katta xato bo‘ldi. Natijada yil oxirida hammasining rasvosi chiqdi. Shuning uchun bu yil standartlar asosida dars o‘tmoqchiman. Ya’ni, bitta standartni o‘quvchi to‘liq o‘zlashtirmaguncha, keyingi standartga o‘tmaslikni maqsad qilganman.

Abdulqodir:

—  Bularning hammasi to‘g‘ri, lekin men eng muhim tavsiyani aytmoqchiman. Teach For Uzbekistan dasturida eng asosiysi — o‘zingizning ustingizda ishlang. „O‘quvchilarim, voydod, jonim fido sizlarga!“ deb butun borlig‘ingizni qurbon qilish shart emas. Asosiy fokus baribir o‘zingizda bo‘lishi kerak. Tashlab qo‘ymang, darsni o‘ting, lekin o‘z ustingizda ishlashingiz esingizdan chiqmasin.

Sodiqjon:

— To‘ppa-to‘g‘ri, o‘qituvchi har qanday holatda ham o‘zini rivojlantirishi, egosini sog‘lom ushlab turishi va o‘z foydasiga ishlashi kerak. Ishonavering, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi oqibatda tashkilotning ham, o‘quvchilarning ham foydasiga xizmat qiladi. Quruq gapirishdan ko‘ra, o‘zingizdagi biror yutuqni amalda o‘quvchiga ko‘rsating. Ular natijani sizda yoki o‘z tengdoshida amalda ko‘rsa, ishonchi shuncha yuqori bo‘ladi.

Abdulqodir:

— Suhbatni yakunlash uchun Habib Nurmagomedovning bitta ajoyib iqtibosi bor, shuni aytmasam bo‘lmaydi:

„Xudbin bo‘lma, lekin birinchi navbatda o‘zing haqida o‘yla“.

Fikrlar · 2

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

JG
Jasurbek G'ulomov
2026-yil 29-avgust

Diqqat "SIRLI MASALLIQ" mavjud emas.

ER
ELDORBEK RUZIBOYEV
2026-yil 29-avgust

Men qilmoqchi boʻlgan va hech qanday hato koʻrmayotgan ishlarni kamchiligi aytilgan ekan, qayta oʻylab chiqishim kerak, demak. Va men umuman esimdan chiqarib yuborganlari ham: masalan sinf qoidalari. Maqola uchun barcha fikr egalariga rahnat.