
„Sizni ilohiylashtirishlariga yoʻl qoʻymang"
Teach For Uzbekistan fellow-qizlari birinchi yildagi xatolari, chegaralar va „ozgina egoistlik" haqida
Jasurbek G'ulomov
2026-yil 2-sentabr5 daqiqa
Avvalgi maqolada dasturning bir yillik tajribaga ega fellowlari “Yaxshi ko’rinishga urinmaslik“ borasida o’z fikr-mulohazalarini bo’lishishdi. Bugungi suhbatimiz esa boshqa bir nuqtai nazardan.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida faoliyat yuritayotgan uch nafar fellow — Durdona, Zuxro va Sevara — birinchi yil yakunlanib, ikkinchisi boshlanish arafasida turgan bir paytda oʻz mulohazalarini ulashishdi. Ularning javoblarida darsdagi metodikadan koʻra koʻproq boshqa narsa — chegara, kutilma va oʻzini asrash mavzusi yangradi.
1-qism: Oʻyin xato emas, lekin uni qachon o’ynash xato boʻlishi mumkin
1-savol: Bir yillik fellowship davomida yoʻl qoʻygan xatolaringiz nimalardan iborat edi? Yangi fellowlar takrorlamasligini xohlaydiganlaridan boshlasak.
Durdona Safarova (ingliz tili fani oʻqituvchisi):
— Birinchi xatom — kelgan paytimiz haddan tashqari koʻp oʻyin oʻynatib yuborganimiz. Menimcha, bu koʻpchilikda shunday boʻlgan. Dastlab men darsga kirib, warm-up sifatida oʻyin oʻynatardim. Natijada bolalar darsning oxirigacha „yana oʻyin oʻynaylik, yana oʻynaylik" deb, umuman dars oʻtgani qoʻymasdi.
Keyin men oʻyinning oʻrnini oʻzgartirdim. Uni darsning boshidan olib, oxiriga koʻchirdim — ragʻbat sifatida. „Avval mavzuni oʻtamiz, mana bu topshiriqlarni bajarasizlar, keyin oʻyin oʻynaymiz", dedim. Bu juda yaxshi ishladi. Bolalar oxirida oʻyin boʻlishini bilgani uchun siz bergan activity-larni ham bajaradi, ozgina boʻlsa-da nimadir oʻrganadi.
Aslida buni toʻliq xato deb ham boʻlmaydi. Chunki har bir oʻyinning ortida bolani rivojlantiradigan biror maqsad bor — biri diqqatni oshiradi, biri xotirani, biri soʻzlarni eslab qolishga yordam beradi. Lekin nomi bilan oʻyin. Bolalar uning asl maʼnosini tushunmasliklari mumkin.
2-qism: „Men 100 ta emas, bitta oʻquvchini oʻzgartirsam ham..."
2-savol: Dasturga qanday kutilmalar bilan kelgan edingiz va ular reallik bilan qanday toʻqnashdi?
Durdona Safarova:
— Ikkinchi xatom — juda koʻp narsa kutib yuborganim. „Koʻp narsani oʻzgartiraman, koʻp oʻquvchiga taʼsir qilaman" deb kelganman. Kelganimdan keyin esa umuman unday boʻlmadi.
Boshida kutilmam judayam katta edi: men “role model” boʻlaman, keng ko’lamli taʼsir koʻrsataman, oʻquvchilarim sertifikatlar oladi… Lekin asliyat butunlay boshqacha ekan.

„Men 50 ta yoki 100 ta oʻquvchini oʻzgartirishim shart emas. Hech boʻlmasa bitta oʻquvchini oʻzgartirsam ham — bu men uchun ham, fellowship missiyasi uchun ham katta yutuq ekanini keyin his qildim." — Durdona
Sevara Raximova (ingliz tili fani oʻqituvchisi):
— Mening birinchi xatoim ham shu — oʻzimdan juda koʻp narsa kutganim. „Hamma narsani qila olaman, hamma narsaga ulguraman" deb oʻylaganman. Siz maksimal harakat qilasiz, lekin oʻquvchi sizni qabul qila olmasligi mumkin. Shunaqa oʻquvchilar bor — nimaga kelayotganini oʻzi ham bilmaydi, shunchaki kelib-ketib yuradi maktabga.
Ikkinchi xatom esa — oʻquvchilardan koʻp narsa kutganim. Men oʻz tomonimdan hamma narsani qilaman va ulardan ham xuddi shunday javob kutaman. „Bir yil ichida natija koʻrsatadi, olimpiadalarga chiqadi" deb oʻylaganman. Lekin bu oddiy fan emas, ingliz tili. Ularning joriy bilim darajasidan kelib chiqsak, bir yil — noldan turib biror darajaga yetish uchun juda oz vaqt ekan.
Zuxro Kurganbayeva (ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi):
— Menga ham buni oldindan aytishgan edi, lekin baribir xato qildim. Oʻzingizdan ham, oʻquvchidan ham koʻp narsa kutmaslik kerak. „Men shuncha bilim beryapman-ku, nega natija yoʻq?" desangiz — bu sizning oʻquvchiga boʻlgan ishonchingizni tushirib yuboradi. Oxir-oqibat oʻquvchini yoqtirmay qolishingizga olib keladi.
Shunchaki tushunishga harakat qiling. Oʻquvchining ham hayotida qiyin vaziyatlar boʻladi.
3-qism: Toshkentdan kelgan ustoz sindromi
3-savol: Oʻquvchilar bilan munosabatda yangi fellowlar nimaga eʼtibor berishi kerak?
Zuxro Kurganbayeva :
— Odatda oʻquvchi sizning Toshkentdan kelayotganingizni eshitsa, „mana, Toshkentlik oʻqituvchi keldi, hayotimdagi nimanidir oʻzgartirib beradi" degan ishonch paydo boʻladi.
„Sizni ilohiylashtirishlariga yoʻl qoʻymang. Hamma umidlarini sizga ishonib topshirishmasin." — Zuxro

— Bu menda ham boʻlgan. Oʻquvchilarim mendan juda koʻp narsa kutib yuborishgan. Men savollarni hech qachon ochiq qoldirmaslikka harakat qilaman — mavzuga aloqador boʻlmasa ham javob beraman. Ularga esa men hamma narsani biladigandek tuyulaveradi. Baʼzida oʻsha joyda toʻxtatishga harakat qilaman.
Yana bir narsa: oʻzingiz bilan oʻquvchi oʻrtasidagi chegarani buzmang. Menda shunday boʻlgan — oʻquvchilarim meni juda yaqin olib yuborgani uchun koʻp akademik rejalar oʻxshamay qolgan.
4-qism: „Ozgina egoistlik kerak"
4-savol: Hamkasblar bilan munosabatda-chi? U yerda qanday holatlar boʻldi?
Zuxro Kurganbayeva:
— Men oʻz chegaralarimni na oʻquvchilar bilan, na oʻqituvchilar bilan oʻrnatishga qiynalganman. Hamkasblar mendan koʻp narsani iltimos qiladi, men esa har safar „xoʻp" deyman. Natijada oʻz vaqtim ustidan nazoratni yo’qotaman.
Shuning uchun ozgina egoistlik kerak. Mavridsiz paytlarda „yoʻq" deya olish kerak ekan.
Durdona Safarova:
— Mening uchinchi xatom esa hamkasblarimning arzimagan gaplariga xafa boʻlishim boʻldi. Buni yozgi camp'da yangi fellowlarga ham aytganman: bizning kiyinish uslubimiz yoki boshqa odatlarimiz biz boradigan joydan mutlaqo farq qilishi mumkin. Va bizga „formangizni oʻzgartiring" degan ixtiyoriy-majburiy topshiriqlar aytilishi mumkin. Men boshida bu narsalarni juda yomon qabul qilganman.
Asosiysi — hadeb darrov yonib ketmaslik. „Nega mening kiyimimga gapiradi, nega sochim haqida gapiradi?" demaslik kerak. „Xoʻp" deb, bilganingizni qilavering. Keyin oʻzingiz toʻgʻrilab olasiz.
„Hamkasb bilan ziddiyatga bormaslik kerak. Chunki bizni qachondir qoʻllab-quvvatlaydiganlar — oʻsha hamkasblar." - deydi Aziz aka (Muzrabot tumanidagi fellowlarimizdan biri).
— Durdona
— „Men oʻzimning kichkina guruhim bilan yursam boʻldi, maktabdagi hamkasblarga qoʻshilishim shart emas" degan fikrni miyadan olib tashlash kerak. Ular bilan bitta jamoa boʻlib ishlash har tomonlama manfaatli.
5-qism: Eng ogʻir sinov — dars emas, adaptatsiya
5-savol: Birinchi yilning eng qiyin jihati nima boʻldi?
Zuxro:
— Kelishim bilan eng qiynalgan narsam adaptatsiya boʻldi. Juda koʻp vaqtimni siqilishga bagʻishlaganman. Xatoim shu — oʻzgartira olmaydigan narsalar haqida haddan tashqari koʻp oʻylaganim.
Agar sizda ham adaptatsiya qiyin kechayotgan boʻlsa, iloji boricha oʻzingizni chalgʻitishga harakat qiling, hobbilaringiz bilan shugʻullaning.
Siz biror hududga tushdingiz, biror jamoa bilan ishlaysiz — buni oʻzgartira olmaysiz. Boʻldi. Shu yerda iloji boricha yaxshi vaqt oʻtkazishga harakat qiling. Mazza qiling, nimani yaxshi koʻrsangiz shuni qiling, oʻrtoqlaringiz bilan aylangani chiqing.
Sevara:
— Mening uchinchi qiyinchiligim ham shu — moslashib ketish juda qiyin boʻldi, hozirgacha ham qiynalaman. Agar hikinglarga chiqmaganimizda, ora-orada sayohatlarga chiqmaganimizda, jamoa bilan birga vaqt oʻtkazmaganimizda, balki men loyihani tark etgan boʻlardim.

6-qism: Uchta maslahat
6-savol: Yangi fellowlar bir xil xatolaringizni takrorlamasligi uchun ularga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?
Durdona:
— Birinchisi: sinf xonaga kirayotganda hayotingizda qanday muammo boʻlishidan yoki kayfiyatingiz qandayligidan qatʼi nazar, tabassum bilan kiring. Chunki oʻqituvchining energiyasi doim oʻquvchisiga taʼsir qiladi. Hattoki jestlaringizni ham oʻquvchilar tushunadi — qoʻlingizni qachon, qanday harakatlantirishingizni. Shuning uchun har qanday muammoni eshikdan tashqarida qoldiring. Men koʻpincha shunday qilishga harakat qilaman va bu har doim ishlaydi.
Ikkinchisi: oʻqituvchi doim oʻz ustida ishlashi kerak. Bolalar sizdan doim soʻraydi. Siz ularga natija koʻrsatsangizgina, ular sizga oʻxshashga harakat qiladi. Biz ular uchun kundalik hayotida uchratmaydigan boshqacha bir shaxsiyatmiz.
Sevara:
— Men esa hamma tarafdan ideal oʻqituvchi boʻlishni kutmaslikni maslahat berardim. Oʻzidan koʻp narsa talab qilib yubormasin. „Hamma narsani qilaman, hamma joyga ulguraman" demasdan, shunchaki oʻz yoʻlida, oʻz tempida sekin-sekin oʻsib borsin.
Va shoshmaslik kerak. Hamma narsa sekin, oʻz vaqtida boʻlgani yaxshi. Shoshib qaror qabul qilmang.
YAKUNDA
Uchchala suhbatdoshimizda ham akademik muammolardan ko’ra hissiy, shaxsiyatga doir va kommunikatsiya jihatidan ba’zi qiyinchiliklar uchragani va ular o’zlari uchun qaysidir ma’noda xulosa olishgani maqolani shu joyigacha o’qigan barchaga ma’lum. Va “hammada shunaqa holatlar kechadi/bo’lmaydi” degan fikrdan yiroqmiz.