Ustozonablog
KirishRoʻyxatdan oʻtish

Yaxshi koʻrinishga urinmang!

Faoliyatini ilk yilida qadrini va asabini asrab qolmoqchi boʻlgan ustozlar uchun achchiq haqiqatlar

OA

Otabek Abdusattorov

2026-yil 1-sentabr4 daqiqa

49

Oʻqituvchilik faoliyatini endigina boshlayotgan yosh mutaxassislar odatda maktabga katta umidlar, yonib turgan koʻzlar va togʻni talqon qilishga tayyor shijoat bilan kirib borishadi. Ular oʻquvchilar bilan doʻst tutinishni, darslarni koʻtarinki ruhda oʻtishni va hammaga birdek yordam berishni xohlashadi. Ammo real maktab hayoti doim ham kutganimizdek boʻlib chiqmaydi. Xoʻsh, yosh oʻqituvchilar maktabdagi ilk yilida koʻpincha qanday xatolarga yoʻl qoʻyishadi? Oʻz obroʻsini yoʻqotmaslik uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Bu safargi maqolamizda Surxondaryo viloyatining Termiz va Qiziriq tumanlaridagi maktablarda bir yil davomida faoliyat yuritib, taʼlimning qozonida qaynagan ustozlarning eng muhim xulosalari jamlashga harakat qildik. Bu tavsiyalar nafaqat sohaga endi kirib kelgan ustozlarga, balki oʻz ustida ishlashdan toʻxtamaydigan barcha taʼlim xodimlari uchun foydali boʻlishiga umid qilamiz.

1-qism: „Yaxshi koʻrinishga urinish“ va uning oqibatlari.

1-savol:

Maktabdagi bir yillik tajribangiz davomida qanday xatolarga yoʻl qoʻydingiz va shundan kelib chiqib yosh ustozlarga qanday maslahat berasiz?

Usmonali Pirmatov (fizika fani oʻqituvchisi; Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani 50-maktabda faoliyat yuritadi):

— Eng katta xulosam shu boʻldiki, bugungi avlod oʻquvchilarida sabr unchalik kuchli emas. Agar dars jarayonini oʻta osonlashtirib yuborsangiz, qilgan mehnatingiz zoye ketaverarkan. Yana bir muhim jihat — oʻquvchilar uchun doim ochiq, istalgan vaqtda muloqotga tayyor („available“) inson boʻlish aslida sizning qadringizni tushirib yuborishi mumkin. Oʻz muvaffaqiyatlaringizni ham ularga birdaniga dasturxon qilib yozish kerak emas, oʻzingizni sekin-asta, qandaydir sir saqlagan holda ochib borish foydaliroq.

„Iloji boʻlsa, dastlabki darslarni ataylab biroz zerikarliroq qiling. Shunda keyingi oʻtadigan interaktiv darslaringizni ular qadriga yetib, qiziqroq qabul qilishadi“.

Oʻtgan oʻquv yilida dastlabki ikki oyni oʻta qiziqarli oʻtkazgandim. Ammo keyin bir kimyo oʻqituvchisining tajribasini kuzatdim: u boshida juda qattiqqoʻl va rasmiy boʻlib, keyinchalik darsni qiziqlashtirganda, oʻquvchilar fanga butunlay boshqacha yondasha boshlashdi. Shuningdek, darsdagi turli oʻyinlar akademik muhitga salbiy taʼsir qilmasligi kerak. Ularning sonini meʼyorda ushlash yoki dars mavzusiga oʻta chambarchas bogʻlash lozim.

Behruz Roʻziyev (ingliz tili oʻqituvchisi; Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani 30-maktabda faoliyat yuritadi):

— Yangi oʻqituvchilarga eng birinchi maslahatim — maktab maʼmuriyati bilan yaqindan tanishib, munosabatlarni mustahkamlab olish. Bu yil davomidagi butun ish faoliyatingizga taʼsir qiladigan muhim omil. Sinf bilan ishlashga kelsak, oʻquvchilarning holatiga qarab oʻz qoidalaringizni va standartlaringizni qatʼiy oʻrnatib oling. Bolalar bilan samimiy, doʻstona boʻlish kerak, ammo bu haddan tashqari erkinlikni anglatmaydi. Oʻquvchilar ustozning vaqti qadrli ekanligini, darsdagi 45 daqiqa ular uchun berilgan muhim imkoniyat ekanligini his qilishlari shart.

„Boshida hech qanday talab qoʻymasdan bolalarni erkin qoʻyib yuborib, keyin tartibni qattiqlashtirsangiz, bu oʻquvchiga yoqmaydi va oʻrtadagi munosabatga putur yetadi. Aksincha, yil boshida qatʼiy talablar qoʻyib, keyinchalik uni biroz yumshatsangiz, oʻquvchilar buni ustozning yaxshiligi sifatida qabul qilishadi“.

Chegarani toʻgʻri topish — eng asosiy pedagogik mahoratdir.

Buhruz va uning oʻquvchilari (Behruzning shaxsiy arxividan)

Dilshod (ingliz tili oʻqituvchisi; Surxondaryo viloyati Termiz tumani 23-maktabda faoliyat yuritadi):

— Yashirmayman, maktabga ilk bor kelganimda oʻquvchilarni boshqarish juda oson boʻladi deb oʻylagandim. Ammo unday boʻlib chiqmadi. Mening eng katta xatom — kichik detallarga haddan ortiq eʼtibor berib, oʻz vaqtim va obroʻyimni yoʻqotganim boʻldi. Maktabga foydam tegsin deb barcha ishga qoʻlimdan kelgancha yordam berdim, ammo bu koʻp hollarda qadrlanmadi, shunchaki „rahmat“ bilan oʻtib ketildi.

Eng achinarlisi, boʻsh vaqtlarimda oʻquvchilar uchun bepul ingliz tili toʻgaraklari tashkil qildim. Boshida boshqa maktablardan ham kelib, oʻquvchilar soni 70 taga yetdi. Kimdir ota-onasi majburlagani uchun, kimdir esa, qoʻpol qilib aytganda, shunchaki „meni koʻrish uchun“ kelardi. Ularga oʻz yonimdan kitoblar olib berdim, moliyaviy yordam koʻrsatdim. Lekin yakunda 70 ta oʻquvchidan bor-yoʻgʻi 20 tasi qoldi.

„Har bir oʻquvchi uchun joningizni kuydirib, ular uchun boringizni berishingiz shart emas ekan. Faqatgina oʻqishni chin dildan istaydigan va harakat qiladiganlar bilangina ishlash kerak.“

Dilshod va uning oʻquvchilari (Dilshodning shaxsiy arxividan)

2-qism: Yangi bosqich — yangicha yondashuvlar.

2-savol:

Oʻtgan yilgi xulosalardan kelib chiqib, yangi oʻquv yilida qanday reja va loyihalarni amalga oshirmoqchisiz?

Usmonali:

— Bu yilgi darslarim uchun maxsus yondashuv oʻylab topdim. Yozda „Doktor Xaus“ serialini qayta koʻrib chiqdim va u yerdagi maʼruza oʻtish uslubiga asoslanib „House teaching style“ nomli dars formasini yaratdim. Oʻtgan yili 11-sinf bitiruvchilaridan qaysi darsim eng qiziq boʻlganini soʻraganimda, aynan shu uslubda oʻtilgan darsni eʼtirof etishgandi. Bu yil shu metodni koʻproq qoʻllamoqchiman.

„House“ seriali (1-fasl 21-qism: Three Stories)

Yana bir muhim oʻzgarish: diqqatni va fokusni bir joyga jamlash qobiliyatim biroz pasayganini his qildim, shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimni boshqarishni vaqtincha administratorga topshirib, oʻzim virtual olamdan biroz chekinaman.

Behruz:

— Birinchi yil men uchun maktab tizimiga koʻnikish, oʻzimni ustoz sifatida shakllantirish davri boʻldi. Ikkinchi yilda esa asosiy diqqatimni bolalarga shunchaki tayyor bilim berishga emas, balki ularni izlanuvchanlikka, muammolarni mustaqil hal qila oladigan darajaga olib chiqishga qaratmoqchiman. Buni turli loyihalar, bir haftalik amaliy mashgʻulotlar va rolli oʻyinlar („role-play“) orqali amalga oshirish rejamda bor. Mayli, ular ingliz tilidan 12 ta zamonni ipidan-ignasigacha yodlab olishmasin, lekin qayerdadir shu bilan bogʻliq muammoga duch kelsa, kerakli maʼlumotni oʻzi izlab topib, muammoni mustaqil hal qila oladigan koʻnikmaga ega boʻlishsin.

Dilshod:

— Oʻtgan yili oʻqituvchilik faoliyatimdagi ilk qadamlarim edi. Pedagogik mahorat boʻyicha tajribam yoʻq edi, xatolar qildim, hamkasblardan oʻrgandim. Bu yil maktabda kutilmagan, radikal oʻzgarishlar qilmayman. Ammo ustoz va haqiqiy namuna („role-model“) sifatida oʻtgan yilgi Dilshodning ancha takomillashgan, kuchliroq va tajribali versiyasini koʻrsatmoqchiman.

Soʻngsoʻz:

Oʻqituvchilik kasbi — bu faqatgina sinfxonada turib maʼlumot uzatish emas, balki toʻgʻri psixologik masofani saqlay bilish, oʻz vaqti va mehnatini qadrlash sanʼatidir. Suhbatdoshlarimizning ushbu ochiq fikr-mulohazalari shuni koʻrsatadiki, haqiqiy ustoz boʻlish yoʻlidagi xatolar aslo magʻlubiyat emas, balki professional oʻsish uchun eng muhim darslikdir.

Fikrlar

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

Hozircha fikr yoʻq. Birinchi boʻling.