
Darsda „masxaraboz“ga aylanib qolmang!
Maktabdagi ilk yilda qilinadigan eng yirik xatolar va ularni aylanib oʻtish sirlari.
Otabek Abdusattorov
2026-yil 30-avgust3 daqiqa
Yangi oʻquv yili arafasida taʼlim olami yana jonlanadi. Xususan, Teach For Uzbekistan dasturiga qadam qoʻyayotgan yosh fellowlar uchun bu davr ulkan hayajon va minglab savollar bilan boshlanadi. Avvalgi maqolamizda dasturning bir yillik tajribaga ega fellowlari — maktabdagi ilk qadamlar, „yorib yuboraman“ sindromi hamda oʻquvchilar bilan munosabatdagi dastlabki sinovlar haqida ochiq gapirib berishgan edi.
Bugungi maqolamizda esa mavzuni yanada chuqurlashtirib, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 14-maktabda faoliyat yuritayotgan fellowlarimizdan boʻlmish — Sherzod Ergashev va Fayoz Ahmedovning shaxsiy xatolari, oʻyinbozlikning salbiy oqibatlari va kelgusi oʻquv yili uchun ishlab chiqilgan ilgʻor loyihalariga nazar solamiz.
1-qism: Oʻquv yilining ilk kunlari: Reja, tartib va „sogʻlom egoizm“.
Yangi kelgan ustozlar oʻquv yilining dastlabki kunlarini qanday boshlashlari kerak? Darslarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishning oʻziga xos sirlari bormi?
Sherzod:
— Eng birinchi va muhim qadam — oʻquvchilar bilan qonun-qoidalarni oʻrnatib olishdir. Bu oʻqituvchining diktaturasi emas, balki sinfdagi standartlar, qanday xatti-harakatlarga ruxsat berilishi va ularning oqibatlari haqidagi oʻzaro kelishuv. Buni faqatgina birinchi darsda shunchaki aytib oʻtib ketish yetarli emas; qanchadir vaqt davomida bolalarni shu chegaralarga moslashtirish zarur. Qoidalar qanchalik uzoq va tushunarli singdirilsa, oʻquvchilar uni shunchalik jiddiy qabul qiladi va oʻz masʼuliyatini his etadi.
Fayozbek:
— Yosh ustozlarga yana bir noodatiy maslahatim — iloji boricha biroz „egoistroq“ boʻlish. Maktabga kelganda, oʻz masʼuliyatingiz turib boshqa oʻqituvchilarga yordam berishga, ularning oʻrniga dars oʻtishga juda shoshilmang. Faoliyatingiz qisqa va siz shu vaqt ichida natija koʻrsatishingiz shart. Parallel darslardagi oʻqituvchilar oʻz vazifasini sizga yuklab qoʻyadigan holatlar koʻp uchraydi. Natijada esa oʻzingizning oʻquvchilaringizga yetarli eʼtibor qarata olmaysiz. Shuning uchun kerak boʻlganda maʼmuriyatdan sharoit talab qiling va eng avvalo oʻz sinfingizning bilim sifatiga eʼtibor qarating.
2-qism: Kutilmagan xatolar va saboqlar.
Bir yillik tajribangiz davomida qanday xatolarga yoʻl qoʻydingiz va yosh ustozlarga nimalarni qilmaslikni qatʼiy tavsiya qilasiz?
Sherzod:
— Birinchi va eng koʻp afsuslanadigan xatoyim — ingliz tili darslarini deyarli toʻliq oʻzbek tilida oʻtganim boʻldi. Oʻquvchilarning darajasi past deb oʻylab, ingliz tiliga xuddi „elita“lar gaplashadigan tildek munosabatda boʻldim. Hatto oddiy qoidalar va topshiriqlarni ham oʻzbekcha tushuntirganman. Vaholanki, til oʻrganish takrorlash va muhitga bogʻliq. Qanchalik qiyin boʻlmasin, sinfda inglizcha muhit yaratish kerak ekan. Ikkinchi xatoyim — katta masshtabdagi, butun yilga moʻljallangan rejaning yoʻqligi edi. Davlat tomonidan berilgan ish rejasiga ishonib, mavzular osonligini inobatga olib darsga kirdim. Biroq, oldinda nima kutayotganini oldindan chuqur tahlil qilmaslik oʻqituvchining darsdagi ishonchini tushirar ekan. Uchinchisi — darsda interaktiv oʻyinlarni haddan tashqari koʻpaytirib yuborish. Oʻquvchilar darsni faqat „Mafiya“ yoki „Spy“ kabi oʻyinlardan iborat deb oʻylay boshlashdi. Jiddiy mavzuni tushuntirmoqchi boʻlsangiz, ular „Nega oʻyin oʻynamaymiz?“ deb eʼtiroz bildirishadi. Oʻyinlarni mutlaq kamaytirish orqali bolalarning oʻqishga boʻlgan standartlarini toʻgʻrilash zarur.

Fayozbek:
„Dars davomida tinimsiz oʻyin oʻynataversangiz, oʻquvchilarni qiziqtiraman deb oʻzingiz ham bilmay masxarabozga aylanib qolasiz. Dars – oʻyin-kulgi maydoni emas.“ — Fayoz.
— Menda ham birinchi xato tartib-intizom bilan bogʻliq boʻldi. Darsni aniq qoidalarsiz, shunchaki kitobdagi mavzularni tushuntirish bilan boshlabman. Natijada oʻquvchilar birov gapirayotganda gapni boʻlishni, bir-birini eshitmaslikni odat qildi. Ikkinchi katta xatoyim — oʻquvchilarga haddan tashqari koʻp erkinlik berib yuborganim. Yozgi institutda bizga oʻrgatilgan „oʻquvchilarni erkin qoʻyish kerak“ degan tushunchani biz notoʻgʻri talqin qilibmiz. Men ularni shunchalik boʻsh qoʻyib yubordimki, sinfda shovqin koʻpayib, dars oʻtish imkonsiz holatga keldi. Bolalar sinfda oʻzini xavfsiz his qilishi muhim, lekin bu mutlaq boshboshdoqlik degani emas. Boshida ustoz oʻzining qattiqqoʻlligi va qatʼiy intizomini oʻrnata olishi shart. Uchinchidan, darsni uzluksiz oʻyinlarga aylantirib yubordim. Bunday yondashuv bilan oʻqituvchi bilib-bilmay shou koʻrsatuvchi „masxaraboz“ga aylanib qoladi.
3-qism: Kelajak rejalari va „Elite students“ loyihasi.
Oʻtgan yilgi xatolardan xulosa qilgan holda, yangi oʻquv yili uchun qanday aniq rejalar va loyihalar tayyorlab qoʻygansiz?
Fayozbek:
— Darslardagi oʻyinlarni qisqartirish va oʻquvchilarning haqiqiy iqtidorini ragʻbatlantirish maqsadida „Elite students“ deb nomlangan yirik loyihani ishlab chiqdik. Biz 8–11-sinflarga dars beradigan barcha ustozlarni yigʻib, har bir fan boʻyicha eng yaxshi, intiluvchan oʻquvchilarni saralab boramiz. Bu faqat bahosi aʼlo boʻlganlar emas, balki intizomi, darsdagi faolligi va ustozlari bilan munosabati bilan ajralib turadiganlar boʻladi. Har oy oxirida mana shu elita oʻquvchilar uchun alohida yirik tadbir, intellektual oʻyinlar uyushtiramiz va „Oy oʻquvchisi“ni aniqlaymiz. Yil yakunida esa gʻoliblar oʻzaro bellashib „Yil oʻquvchisi“ unvonini qoʻlga kiritishadi. Bu butun maktab miqyosida sogʻlom raqobatbardosh muhit yaratadi.
Sherzod: Ushbu loyihadan tashqari, biz „Ibrat Debate“ debat klublarini ham boshqa tumanlardagi oʻqituvchilar bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Asosiysi — bu yilgi darslarimiz va toʻgaraklarimiz uchun juda aniq va kuchli reja tayyorlaganmiz. Oldinda nima kutayotganini bilmaslik muammosini va kutilmagan toʻsiqlarni endi takrorlamaymiz!
Taʼlimdagi har bir yangi qadam — bu xatolar va ulardan olingan saboqlar majmuasidir. Avvalgi maqolada taʼkidlanganidek, oʻz ustida ishlashni toʻxtatmagan va kutilmalarni real baholay olgan ustozlargina haqiqiy oʻzgarish qila oladi.