Ustozonablog

Maqola qidirish

Sarlavha, subtitr yoki muallif boʻyicha

„Aqlli oʻquvchi“ degan yorliqni olib tashlash vaqti keldi

Miya qanday ishlashini tushunmas ekanmiz, sinfdagi har bir bahoyimiz adolatsiz boʻlib qolaveradi.

OA

Otabek Abdusattorov

2 daqiqa

15

Taʼlim tizimida asrlar davomida qoʻllanib kelinayotgan va oʻqituvchilar ogʻzidan tushmaydigan bitta umumiy yorliq bor: „aqlli oʻquvchi“. Biroq Barbara Oukleyning „Raqamlar uchun yaratilgan idrok“ (A Mind for Numbers) kitobi mutolaasi davomida ushbu oʻquvchilarni bunday qilib turkumlarga ajratish qanchalik asossiz va noaniq ekanliginini hamda bunday shaklda oʻquvchilarni turkumlashda xato yondashuvimiz borligini tushunib yetyapman. Oʻzi aslida biz „aqlli“ deya baholayotgan oʻquvchi kim va sinfxonada kognitiv jarayonlar aslida qanday kechadi?

1. „Aqllilik“ emas, balki ishchi xotira sigʻimi va fikrlash surʼati.

Aksariyat oʻqituvchilar axborotni tezda ilib oladigan va birdaniga koʻp maʼlumot bilan ishlay oladigan oʻquvchilarni „aqlli“ deb hisoblashga odatlanishgan. Aslida esa bu yerda gap aql darajasi haqida emas, miyaning ishchi xotirasi (working memory) hajmi va axborotni qayta ishlash tezligi haqida bormoqda.

Ishchi xotirasi kichikroq yoki fikrlash surʼati sekinroq boʻlgan oʻquvchilarning miyasi ham birday ishlaydi. Ular nosogʻlom emas, shunchaki bir vaqtning oʻzida koʻp axborotni ushlab tura olishmaydi.

Biz bu jarayonni toʻgʻri tushunmasdan, bunday oʻquvchilarga xato va adolatsiz baho berib qoʻyamiz. Shuning uchun „aqlli“ degan mavhum yorliqni butunlay olib tashlab, oʻquvchilarni ishchi xotira sigʻimi va fikrlash tezligi boʻyicha toʻgʻri kognitiv kategoriyalarga ajratishimiz zarur.

2. Nima uchun oʻqituvchilar miya qanday ishlashini bilishlari shart?

Oʻqituvchilar oʻrtasida oʻquvchilarga beriladigan bahodagi ziddiyatlar shunchaki shaxsiy qarashlar farqi emas. Bu — neyro-pedagogika va kognitiv psixologiya bilimlarining yetishmasligidir.

Afsuski, koʻpgina pedagogik oliy taʼlim muassasalarida (men tahsil olgan universitetda ham) miya axborotni qanday qabul qilishi, uzoq muddatli xotiraga maʼlumot qanday koʻchishi yoki kognitiv yuklama fikrlashga qanday taʼsir qilishi yetarlicha oʻrgatilmaydi. Vaholanki, Barbara Oukley oʻz asarida koʻrsatib oʻtganidek, miyaning axborotni qayta ishlash mexanizmlari va oʻrganish metodologiyasi boʻyicha ilmiy manbalar bugun yetarlicha topiladi.

Oʻqituvchi miyaning axborotni qayta ishlash mexanizmini tushunsagina, har bir oʻquvchining kognitiv ehtiyojiga mos yondashuvni topa oladi.

3. Faktik bilim va tanqidiy fikrlash: poydevorsiz imorat qurib boʻlmaydi.

Fikrlash va tahlil qilish uchun ishchi xotirada boʻsh joy boʻlishi kerak. Oukley taʼkidlaganidek, agar bazaviy faktik bilimlar yodlanib, uzoq muddatli xotiraga (long-term memory) koʻchirilmagan va avtomatlashmagan boʻlsa, oʻquvchining ishchi xotirasi oddiy maʼlumotlarni eslab turishning oʻzidanoq toʻlib qoladi. Natijada mantiqiy yoki tanqidiy fikrlashga imkoniyat qolmaydi.

Shu sababli, faktik bilimlarni oʻzlashtirish va yodlash — tanqidiy fikrlashning asosiy poydevoridir. Qolaversa, tanqidiy fikrlash sohaviy bilimga (domain-specific knowledge) bevosita bogʻliq. Inson oʻzi bilmagan, yetarli faktlarga ega boʻlmagan sohada hech qachon tanqidiy fikrlay olmaydi.

4. Tartib-intizom ortidagi kognitiv hazm qilish jarayoni.

Sinfdagi „tartibli va tinch oʻtiradigan“ oʻquvchi ham har doim ham oddiygina „odobli va moʻmin-qobil“ oʻquvchi boʻlavermaydi. Baʼzan oʻquvchining sokinligi va kamharakatligi u berilgan maʼlumotni ichki kognitiv darchasida sekin-asta hazm qilayotgani bilan bogʻliq.

Uning ishchi xotirasi kichikroq boʻlgani uchun u maʼlumotni sekinroq oʻzlashtiradi, ortiqcha chalgʻituvchi omillarni chetga surib, bor eʼtiborini tushunishga qaratadi. Biz esa buni shunchaki „namunali xulq“ deb oʻylaymiz.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Taʼlimda muvaffaqiyatga erishish uchun biz yuzaki „aqlli va aqlsiz“ degan yorliqlardan batamom voz kechishimiz kerak. Har bir oʻquvchi oʻziga xos kognitiv xususiyatga, xotira hajmiga va fikrlash surʼatiga ega. Oʻqituvchi kognitiv psixologiya qonuniyatlarini anglab yetgan taqdirdagina, dars jarayonini har bir oʻquvchining miyasi uchun moslashtira oladi va haqiqiy maʼnodagi samarali taʼlimni tashkil eta oladi deb hisoblayman.

Fikrlar

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

Hozircha fikr yoʻq. Birinchi boʻling.