Ustozonablog

Maqola qidirish

Sarlavha, subtitr yoki muallif boʻyicha

„Skameykada oʻtirib Zoom oʻtkazardik“

Teach For Uzbekistan asoschisi Umida Yuldosheva bilan suhbat. 1-qism: tashkilot qanday boshlangan?

JG

Jasurbek G'ulomov

4 daqiqa

63

Avvalgi maqolalarimizda Teach For Uzbekistan fellowlari birinchi yildagi xatolari va saboqlari bilan oʻrtoqlashgan edi. Bu safar suhbatdoshimiz boshqa — dasturning xuddi oʻzginasini boshlab bergan inson.

Bugun dasturga qoʻshilayotgan fellow tayyor tizimni koʻradi: yozgi institut, ofis, homiylar. Bir necha yil oldin esa bularning hech biri yoʻq edi. Teach For Uzbekistan asoschisi Umida Yuldosheva bilan onlayn suhbatda aynan oʻsha davr haqida gaplashdik. Suhbat ikki qismdan iborat: birinchisida tashkilotning tugʻilishi, ikkinchisida fellowlar, saboqlar va maslahatlar haqida soʻz boradi.

1-qism: Moliyachidan ijtimoiy loyihalargacha

1-savol:

Keling, oʻzingizdan boshlasak. Qayerda oʻsgansiz va taʼlim sohasiga kirib kelishingizga nima taʼsir qilgan?

Umida Yuldosheva (Teach For Uzbekistan asoschisi):

— Professorlar oilasidanman. Dadam buxorolik, nomzodlik ishini Moskvada yoqlaganlar. Buxoroda ilmga eʼtibor katta, uyda ham ilm haqida koʻp gapirilardi. Oyim sharqshunos olim: arab tili, fors tili, eski oʻzbek yozuvi ustida ishlaganlar.

Oʻzim Moliya institutini bitirganman, keyin sotsiologiyadan dissertatsiya yoqladim. Mavzusi “Oʻzbekistonda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish” bo‘yicha edi. Universitetlarda dars berdim, Jahon banki loyihalarida ishladim. 2023-yilda Norvegiyaning Bergen shahridagi Chr. Michelsen Institute'da (CMI) mehmon tadqiqotchi(maxsus taklif qilingan) boʻldim. Bundan tashqari Buyuk Britaniyaning John Smith Trust (2017), AQSHning IVLP (2024) va Hindistonning ITEC (2026) dasturlari bitiruvchisiman.

Lekin qayerda ishlamay, yonimda doim mahalliy NNTlar, ijtimoiy loyihalar boʻlgan. Oʻsha loyihalar bilan ishlash davomida bir narsani tushundim: gender masalasi deymizmi, oilada maishiy zoʻravonlikmi, yoshlarning chetga ishga ketishimi — hammasi taʼlim atrofida aylanadi. Bolaga yoshligidan ayollarni, bolalarni hurmat qilish oʻrgatilsa, zoʻravonlik boʻlmaydi. Yaxshi taʼlim olib, oʻqishga kirish eshigi ochilgan bola mehnat migratsiyasiga ketish ehtimolligi kamayadi.

„Har qanday ijtimoiy muammoni taʼlim orqali yengsa boʻladi.“ — Umida Yuldosheva

2-qism: Angliyada eshitilgan notanish nom

2-savol:

Teach For All haqida ilk bor qayerda eshitgansiz? Teach For Uzbekistan gʻoyasi qachon paydo boʻldi?

Umida Yuldosheva (Teach For Uzbekistan asoschisi):

— Mahalliy NNTlar bilan „Volunteer Teachers“ degan loyihamiz bor edi. Chekka hududlarda repetitorga qurbi yetmaydigan oilalar koʻp, oʻqishga kirish uchun esa bola baribir repetitorga borishi kerak. Shunda biz universitet oʻqituvchilariga murojaat qildik: haftada bir marta chekka hududga borib, bepul dars oʻtib bera olasizmi? Masalan, ingliz tilidan yillik dastur tuziladi, oʻnta oʻqituvchi navbat bilan boradi. Har biriga oyda bir marta volontyorlik toʻgʻri kelardi.

2017-yilda John Smith fellowshipi bilan Angliyaga borganimda shu loyiha haqida gapirib berdim. Shunda mendan „Brett Wigdortz haqida eshitganmisiz? Teach First-chi?“ deb soʻrashdi. „Teach First nima?“ dedim. Bilsam, u aynan shu gʻoyaning Buyuk Britaniyadagi koʻrinishi, ortida esa Teach For All degan butun bir tarmoq bor ekan.

Gʻoyani koʻnglimga tugib qoʻydim, lekin ikkilanib yurdim. Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilot ochish oson emas, buning ustiga ayni paytda PhD qilayotgan edim. Tasodifan 2022-yilda Fyodor Sheberstov bilan tanishib qoldim. U Rossiyada „Учитель для России“ dasturini yuritgan, Qozogʻistonda shunga oʻxshash tashkilot ochilishiga maslahatchi sifatida yordam bergan ekan. „Voy, men ham shuni oʻylab yuruvdim“, dedim. Shu tariqa birga boshladik.

Nega aynan maktab? Oʻzbekistonda 38 milliondan ortiq odam yashaydi, shundan qariyb 7 millioni maktab oʻquvchisi. Ularga bugun qanday taʼlim, qanday qadriyat bersak, ertaga shunday avlod shakllanadi. Qadriyat ikki joyda paydo boʻladi: oilada va maktabda. Oilaga tashqaridan taʼsir qilish qiyin, maktabda esa imkonimiz katta.

3-qism: Ikki yil kutish, uch oy oyliksiz

3-savol:

Ochilishgacha „boʻldi, yigʻishtiraman“ degan paytingiz boʻlganmi?

Umida Yuldosheva (Teach For Uzbekistan asoschisi):

— Yigʻishtiraman degan fikr boʻlmagan. Lekin yoʻl uzoq boʻldi: gʻoya 2017-yilda tugʻildi, Fyodor bilan 2022-yilda uchrashdik, tashkilot esa 2024-yilda ochildi. Oʻrtadagi ikki yil vasiylar kengashini yigʻish, mablagʻ izlash va roʻyxatdan oʻtishga ketdi. Kengashga Korzinka asoschisi Zafar Hoshimovni, yosh siyosatchilardan Nozima Davletovani taklif qildik.

Roʻyxatdan oʻtish juda qiyin kechdi, buni tushunsa ham boʻladi. Bizda oʻqituvchi tayyorlash va ishga olish har doim davlat tizimi orqali oʻtgan. Biz esa „maktabga oʻqituvchini oʻzimiz yuboramiz“ deyapmiz. Bolalar — kelajak, ularga yot gʻoyalar kirib kelmasin degan xavotir bor edi tegishli davlat organlarida. Biz tushuntirdik: bu milliy loyiha, chetdan hech kimni olib kelmaymiz, oʻzimizning eng kuchli bitiruvchilarimizni saralaymiz. Shuncha harakat bilan ham ikki yildan keyingina roʻyxatga olindik.

Roʻyxatdan oʻtdik — pul yoʻq, ofis yoʻq. Bu dissertatsiya yoqlash bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi, juda charchagan paytlarim boʻldi. Oʻshanda koʻzim ijtimoiy tarmoqlarda Erkin Bozorov ijrosidagi „Oʻqimagan bolalar“ degan sheʼrga tushdi. Chekka hududlarda oʻqituvchi yetishmasligini, qishloq bolasiga qiyinligi ma‘lumligi holda, dedik: „Yoʻq, baribir davom ettiramiz“.

Boshida atrofimizga yigʻilgan 10–15 nafar ekspert haq toʻlay olmaganimiz uchun ketdi. Faqat gʻoya uchun ishlaydiganlar qoldi. MOC HUB'da Odil Muhamedov bizga bepul joy berdi. Lekin u yerda tadbirlar koʻp boʻlardi, tadbir kuni ofisda oʻtira olmasdik.

MOC HUB, Toshkent: tashkilot ilk davrda shu yerda ishlagan

„Ishonmaysiz, hovlidagi skameykalarda oʻtirib Zoom oʻtkazganmiz.“ — Umida Yuldosheva

Kadrlarni jalb qilish boʻyicha mutaxassisimiz Nigina Rahmonova bir kuni „Sovqotdim, skameykada ishlayveramizmi?“ deb qoldi. G‘alati holatda edik. Lekin ketmadi.

Birinchi uch oy hech kimga oylik toʻlay olmadim. Tashkilot fevralda ochilgan boʻlsa, jamoa birinchi oyligini may–iyunda oldi. Birinchi homiyimiz chet el granti boʻldi, keyin mahalliy kichik tadbirkorlar yordam berdi, undan soʻng banklar qoʻshildi. Boshida oʻzim ham, oila aʼzolarim ham mablagʻ bilan yordam berdik.

Eng katta yordamni Yoshlar ishlari agentligi berdi. Kadrlarni jalb qilish jamoamiz universitetlardan eng kuchli yoshlarni saralab oldi, endi ularni oʻqitish, yozgi institut oʻtkazish kerak edi. Qayerda, qanday? Alisher Saʼdullayev bilan uchrashdik. „Bu oʻzimizning yoshlar, oʻzimizning bolalar uchun“, deb yoshlar oromgohini toʻliq ajratib berdilar. Birinchi yozgi institutimiz oʻsha yerda oʻtgan.

Birinchi yozgi institut, 2024: zal tadbirdan oldin bezatilmoqda

Eng qiyini baribir moliyalashtirish boʻldi. Ikki-uch yil ichida mingdan ortiq uchrashuv oʻtkazgan boʻlsam kerak. Ellikta uchrashuvdan bittasi natija berardi…

Hamkorlik: Westminster xalqaro universiteti bilan memorandum imzolandi

Yozgi institut yakuni: sertifikatlar topshirish marosimi

Soʻngsoʻz

Bugungi fellow uchun odatiy tuyuladigan yozgi institut ham, oylik ham mingga yaqin uchrashuvlar va fidoyi insonlarning bepul mehnati ortidan paydo boʻlgan. Suhbatning ikkinchi qismida Umida Yuldosheva fellowlar qanday saralangani, nega sinfdagi shovqin yaxshi belgi ekani, loyihani tashlab ketmoqchi boʻlgan fellowga fikrlar va yana boshqalar haqida gapirib beradi.

Fikrlar

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

Hozircha fikr yoʻq. Birinchi boʻling.