Ustozonablog

Maqola qidirish

Sarlavha, subtitr yoki muallif boʻyicha

„Toza qalbsiz bilimga ishonmayman“

Teach For Uzbekistan asoschisi Umida Yuldosheva bilan suhbat. 2-qism: fellowlar, saboqlar va maslahatlar

JG

Jasurbek G'ulomov

7 daqiqa

23

Suhbatning birinchi qismida Umida Yuldosheva Teach For Uzbekistan qanday tugʻilgani haqida gapirib bergan edi: Angliyada eshitilgan notanish nom, roʻyxatdan oʻtish uchun ketgan ikki yil, hovlidagi skameykada oʻtgan Zoom uchrashuvlari va oyliksiz ishlagan jamoa.

Ikkinchi qism fellowlarning oʻzi haqida. Ular qanday saralangan, maktabda nimaga duch kelgan, dastur ishlayotganini qanday bilish mumkin va „boʻldi, ketaman“ degan fikr kelganda nima qilish kerak?

1-qism: Qahramonlar va saralash

1-savol:

Birinchi kogortadan boshqaruv uslubingizga yoki oʻzingizga taʼsir koʻrsatgan biror fellow esingizdami?

Umida Yuldosheva:

— Fellowlarni ajratgim kelmaydi, hammasi chindan ham qahramon. Men eng birinchi ishga kelgan xodimlarimni va eng birinchi fellowlarimni doim bir qatorga qoʻyaman, chunki ular pul uchun kelmagan. Birinchi oyligini olmasdan ishlagan jamoa ham, hali hech kim sinab koʻrmagan gʻoyaga ishonib, ikki yillik umrini chekka hududga bagʻishlagan yoshlar ham „mendan bir savob qolsin“ degan odamlar. Buning uchun katta jasorat kerak. Ikkinchi yilgilarga osonroq boʻlgan boʻlsa kerak: ular birinchilar ishlayotganini, hammasi joyida ekanini koʻrib kelgan.

Albatta, umumiy falsafamizni toʻliq tushunishmagan paytlar ham boʻlgan. Masalan, birga boshlagan Fyodor bilan keyinchalik ayrim masalalarda kelisha olmadik. U koʻproq rus tilli oʻqituvchilar kelishini, yozgi institut rus tilida oʻtishini xohlardi. Biz esa bu milliy loyiha, koʻproq oʻzbek yoshlari kelsin, yozgi institut ham oʻzbek tilida oʻtsin, dedik.

Fellowlarda ham shunday boʻlgan. Bu faqat borib dars berish haqidagi loyiha emas. Bu bolani inson sifatida, vatanini yaxshi koʻradigan avlod sifatida shakllantirish, shu jarayonda oʻzing ham shakllanish demak. Vatanni sevishni mavhum tushuncha deb bilmayman: bola tabiatni yaxshi koʻrsin, daraxtni sindirmasin, hayvonga mehribon boʻlsin, yonidagi sinfdoshiga, ota-onasiga yordam bersin. Toʻgʻri yoʻldan yurish ana shulardan boshlanadi.

Fellowning oʻzida shu qadriyatlar boʻlmasa, u bolada ham shakllantira olmaydi. Shuning uchun saralashga juda katta eʼtibor berganmiz. Rostini aytsam, ikkinchi kogortaga mehrim boshqacha. Birinchi yil ofis topish, moliyalashtirish bilan oʻtgan boʻlsa, ikkinchi yili mingdan ziyod arizadan tanladik, mutaxassislar bilan qayta-qayta suhbat oʻtkazdik. Oʻsha suhbatlarda bir narsani tekshirganmiz: “kindness”, yaʼni qalb tozaligi, savob ish qila bilish. Bilim, albatta, shart. Lekin bilimi boʻlib, yuragi boʻlmagan odam bizga kerak emas edi. Tarix juda bilimli, ammo qalbsiz olimlarni ham koʻrgan.

Fellowlarni saralash bosqichi (1-cohort)

„Men toza qalbsiz bilimga ishonmayman. Qalbi toza boʻlgan odamgina oʻziga oʻxshagan qalbi toza insonni shakllantirib beradi.“

— Umida Yuldosheva

2-qism: Sinfdagi shovqin — yaxshi belgi

2-savol:

Fellowlar maktabga borganda kutilma qanday edi va asliyat qanday chiqdi?

Umida Yuldosheva:

— Falsafamiz shunday edi: biz tizimga qarshi chiqishga emas, tizimni yaxshi koʻrib oʻzgartirishga boryapmiz. Balki sizning bilimingiz u yerdagi oʻqituvchinikidan koʻproqdir, raqamli savodxonligingiz yaxshiroqdir. Lekin borib „men yaxshiman“ deyilmaydi. Borib soʻraladi: nega shunday, qayerda toʻxtab qolgan, men nima yordam bera olaman? Yoshi katta oʻqituvchilarni ustoz deb qabul qilib, ulardan maslahat soʻrab ishlash kerak.

Ayrim joylarda fellowlarimiz yoshligi sabab „yoʻq, unday emas“ deb turib olgan, yoshlik maksimalizmi boʻlgan. Oʻsha paytlarda men ham oʻylab koʻrganman: balki ularning qarashi toʻgʻriroqdir? Qayerdadir oʻzimiz oʻzgarishga harakat qilganmiz. Umuman olganda, ikkinchi yil maktablarda qabul qilinish yaxshiroq kechdi. Ehtimol, ikkinchi yozgi institutda qadriyatlarga koʻproq eʼtibor berilgani uchundir.

Fellowlar aytgan asosiy qiyinchilik bolalar bilan muloqot edi: „Bolalar quloq solmayapti“. Shuning uchun birinchi yildanoq bola psixologiyasiga katta eʼtibor qaratdik, Polshadagi va Teach For All hamjamiyatidagi hamkorlar bilan koʻp sessiya oʻtkazdik. Pedagogikada „bola jim oʻtirishi kerak“ degan stereotip bor. Biz buni buzishga harakat qildik.

„Bola jim oʻtirmaydi, bola shovqin qiladi. Birinchi darsingdagi shovqin yaxshi: bola sening oldingda oʻzini erkin his qilyapti.“

— Umida Yuldosheva

Keyin bu shovqinni asta-sekin tartibsizlikdan oʻquv jarayoniga aylantirasiz. Zoʻravonliksiz muloqot (nonviolent communication) haqida ham koʻp gaplashdik: bolaga faqat baqirish emas, kinoya bilan gapirish ham taʼsir qiladi.

Yozgi institut: oʻquvchilar bilan amaliy mashgʻulot

Yana bir qiyinchilik qishloq hayotiga koʻnikish boʻldi. Oilasi Toshkentda qolgan qizlarimiz bor edi. Shuning uchun fellowga faqat sessiya oʻtib qoʻyish yetmaydi: u bilan gaplashadigan, uni tinglaydigan odam kerak. Koordinatorlarimiz shu ish bilan shugʻullanardi.

3-qism: Raqam gapirishi kerak

3-savol:

Fellowship oʻquvchilarni chindan ham oʻzgartira oldimi? Buni qanday bildingiz?

Umida Yuldosheva:

— Men maktablarga juda koʻp borardim. Bolalar bilan gaplashib, oʻzgarishni ichdan sezish mumkin. Lekin menejmentda sezgi bilan xulosa chiqarib boʻlmaydi: hamma narsaning oʻlchovi, baholash mezoni, KPIʼi boʻlishi kerak.

Falsafamiz bilim berishdan kengroq boʻlsa ham, birinchi oʻrinda baribir bilim turardi. Buning uchun kirish va chiqish testlarini oʻtkazganmiz: fellow sinfga kirganda har bir fandan test olinadi, keyin har chorakda takrorlanadi. Testlarni ekspertlar bilan oʻzimiz ishlab chiqqanmiz. Ular yodlangan bilimni emas, tushunib qoʻllay olishni tekshirardi. Shuning uchun boshida ballar pastroq chiqardi.

Ikkinchisi — Teach For All tarmogʻi qoʻllaydigan Panorama Student Perception Survey soʻrovnomasi. U oʻquvchining oʻzidan soʻraydi: darsda oʻzingni qanchalik xavfsiz his qilasan, oʻqituvchi tushuntirgani yetib boryaptimi? Ochigʻini aytsam, natijalar aniqligida kamchilik boʻlishi mumkin edi: bunday soʻrovnomada javobni chindan ham oʻquvchining oʻzi berayotganini kafolatlaydigan tizim kerak, oʻsha paytda bunga mablagʻimiz yetmasdi. Bundan tashqari, direktorlar va hamkasb oʻqituvchilar orasida ham soʻrov oʻtkazdik.

Bular kichik tashkilot uchun birinchi qadamlar edi. Bolaning ijtimoiy-hissiy rivojlanishini (social-emotional learning) oʻlchash juda qiyin. Shu yoʻnalishdagi KPIʼlarni koʻp yillik tajribaga ega ekspert bilan endi ishlab chiqayotgan edik. Dunyoda buning amaliyoti bor, uni Teach For Uzbekistanʼda ham qoʻllash kerak.

„Bir kishining taassuroti yetmaydi. Oʻlchab boʻladigan mexanizm boʻlishi shart, raqam gapirishi kerak.“

— Umida Yuldosheva

4-qism: „Qattiq talab qoʻyganman“

4-savol:

Tashkilotdagi qaysi qaroringizni ortga qaytargan boʻlardingiz?

Umida Yuldosheva:

— Tashkilotni ochishga ketgan mehnat va qiyinchiliklarni ming marta qaytarishga toʻgʻri kelsa ham ikkilanmayman. Bolalarga olib borgan laboratoriyalarimiz, ota-onalarning „qilgan ishingizning savobi bolalaringizga qaytsin“ degan duosi oʻsha qiyinchiliklarning hammasini yuvib yuboradi.

Oʻzgartiradiganim bitta: qadriyatlari biznikiga toʻgʻri keladigan odamlar bilan ishlash. Tashkilot moliyaviy jihatdan oyoqqa turgach, jarayonlar tezlashib ketdi. Ikkinchi yili oqim katta boʻldi, xodim olish kerak edi va koʻpchilik oylik uchun keladigan boʻldi. Qarashlari mos keladigan odamni izlashga vaqt topilmadi. Xatolar oʻsha yerda boʻlgan.

Oʻz kamchiligimni ham aytay. Asoschi boshqa, direktor boshqa. Tashkilot juda qiyinchilik bilan oyoqqa turgani uchun men hammadan oʻzimdek ishlashni kutganman, xodimlarga juda katta talab qoʻyganman. Balki hamma ham bunday yukni koʻtara olmas, balki kimgadir bu tashkilot men uchun boʻlganidek shaxsiy ishga aylanmagandir. Men esa hammadan bir xil narsani kutdim, moslashuvchan boʻlmadim. Maqsad yaxshilik edi, lekin xodimlar oʻzini qanday his qilayotgani haqida ham koʻproq oʻylashim kerak ekan.

Yana bir orzuim bor edi: tashkilotga bir kun kelib fellowlarning oʻzi direktor boʻlib qaytishi. Chunki ular hammasini ichidan biladi.

5-qism: „Ketaman“ degan fikr kelganda

5-savol:

Oʻquv yili oʻrtasida fellow sinib, loyihani tark etmoqchi boʻlsa, unga nima degan boʻlardingiz?

Umida Yuldosheva:

— Yozgi institutda Satyam Mishra bir gap aytgan edi, men ming foiz qoʻshilaman. Istalgan davlatdagi Teach For dasturidan tasodifiy bitta fellowni, direktorni yoki asoschini tanlab, „Ikki yil ichida tashlab ketaman degan fikr kelganmi?“ deb soʻrang. „Yoʻq“ desa, ishonmayman, degandi. Menda ham shunday boʻlgan.

Sababi tushunarli. Qaysi sohada siz oʻzgarishni bunchalik yaqindan koʻrasiz? Siz inson taqdiri bilan ishlayapsiz. Bola psixologiyasi ham, chekka hududga koʻchish ham katta stress. Bu ishning jismoniy emas, hissiy yuki ogʻir. Shuning uchun ketish haqidagi fikr hammada boʻladi.

Meni har safar bolalar ushlab qolgan. Uchrashuvlar, homiylar, xodim yetishmasligi, oilaga vaqt topilmasligi... Juda qiynalgan paytlarimda narsalarimni yigʻib, Surxondaryoga yoki Qashqadaryoga, maktabga ketib qolardim. Bolani koʻrish kuch berardi.

Bir kuni maktabga bordim. Bolalarga kitob tarqatgandik, har biriga Teach For Uzbekistan muhri bosilgan. Bir bola mendan „Vazirlikdanmisiz?“ deb soʻradi. „Yoʻq“, dedim. Yonimdagi kishi „Teach For Uzbekistanʼdan“ dedi. Bola: „Ha-a, kitoblar uchun rahmat!“ dedi. „Oʻqituvchingiz qanaqa?“ deb soʻrasam, birorta bola qolmay „Ustozimni yaxshi koʻraman“ deb javob berardi.

Yozgi institutda oʻquvchilar bilan

Fellowga ikki narsa kuch berishi kerak. Birinchisi: men yetakchi sifatida oʻsyapman, bu ikki yil behuda ketmayapti. Ikkinchisi: yana qaysi ishda inson taqdiriga bunchalik bevosita taʼsir qila olaman? Kimdir ertaga oʻqishga kiradi va sovuq yurtlarga ishga ketmaydi. Kimdir mendan yolgʻon gapirmaslikni oʻrganadi.

„Ikki yillik vaʼdangiz oʻsha bolalarga berilgan.“

— Umida Yuldosheva

Lekin bu faqat fellowning ishi emas. Tashkilot ham har bir holatda soʻrashi shart: nima boʻldi, nega ketmoqchi? Fellowga yetakchilik boʻyicha yordamdan tashqari jiddiy psixologik yordam ham kerak. Shtatga psixolog olishni rejalashtirgan edik.

6-qism: Ketish va keyingi oʻn yil

Umida Yuldosheva tashkilot rahbarligidan Vasiylar kengashi qarori asosida ketgan. Tafsilotlarga toʻxtalishni istamadi, faqat shunday dedi:

— Balki qayerdadir qarashlarimiz toʻgʻri kelmagandir. Biz koʻproq inson omiliga tayangan, doʻstona va ochiq tashkilot edik. HR protokollari kabi har bir tashkilotda boʻlishi kerak boʻlgan jarayonlar esa hali toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan edi.

6-savol:

Keyingi oʻn yilda fellowlarni qayerda koʻrasiz?

Umida Yuldosheva:

— Nega taʼlim tizimiga aynan yetakchi yoshlar saralab olinadi? Chunki ular ertaga qaror qabul qilinadigan joylarga boradi. Chekka hududdagi maktabda aslida nima boʻlayotganini esa sizga hech qayer oʻrgatmaydi, faqat oʻsha maktabning oʻzi.

Dastur shunday qurilgan: birinchi yil pedagogika va psixologiya. Bolalar bilan ishlashni oʻrgangan odam ertaga xodimlar bilan ishlashni, umuman muloqotni ham oʻrganadi. Ikkinchi yil esa yetakchilik: ijtimoiy loyiha qilasiz, maktabdan tashqariga chiqasiz, mahalliy aholi va boshqa tashkilotlar bilan ishlaysiz, loyiha boshqarish va fundraisingni oʻrganasiz.

Bitirishga uch oy qolganda har bir fellowga savol beriladi: oʻzingni qayerda koʻryapsan? Kimdir oʻqituvchi boʻlib qoladi. Kimdir taʼlim siyosatiga, vazirlikka bormoqchi. Kimdir oʻz ijtimoiy loyihasini ochmoqchi. Tashkilot ularni kerakli odamlar bilan bog’lashi, mentorlik qilishi kerak. Dunyoda Teach For bitiruvchilari taʼlim vaziri yoki vazir oʻrinbosari boʻlgan davlatlar bor. Men ham fellowlarimiz qaror qabul qiluvchi davlat tashkilotlariga, maktab direktorligiga va ijtimoiy loyihalarga qaytishini istayman. Chunki qaysi qaror chekka hududdagi bolaga foyda berishini aynan ular biladi.

Bitiruvchilar faqat oʻz kogortasi bilan emas, boshqa yillar va boshqa davlatlardagi bitiruvchilar bilan ham aloqada boʻlishi kerak. Asosiysi, qilayotgan ishi odamlarga xizmat qilsin.

Teach for Uzbekistan fellowlari (2-cohort)

7-qism: Ichki tarozi

7-savol:

Biz soʻramagan, lekin fellowlarga aytmoqchi boʻlgan gapingiz bormi?

Umida Yuldosheva:

— Bunday loyihaga faqat moliyaviy sabab bilan kelmaslikni istardim. Pul topish maqsad boʻlsa, buni korporativ sohada, yaxshi menejer boʻlib amalga oshirish mumkin. Bu yerda esa siz inson taqdiriga javob berasiz. Albatta, moliyaviy xavfsizlik boʻlmasa, savob ish qilish ham qiyin. Shuning uchun tashkilot oylik va turar joy masalasini hal qiladi. Lekin odam shu masʼuliyatga tayyor boʻlib kelsin.

Bitirgandan keyin ham ichingizda bir tarozi, maʼnaviy kompas boʻlsin. Har doim oʻzingizdan soʻrang: qilayotgan ishim biror insonga zarar keltirmayaptimi? Zarar keltirmasa, bemalol pul uchun ishlang. Kuch topsangiz, kichkina boʻlsa ham, birovga foydasi tegadigan ish qiling.

Men volontyorlikka juda ishonaman. Masalan, siz katta kompaniyaning yuristisiz. Oyda bir marta beshta muhtoj oilaga bepul maslahat berib keling. Qoʻlingizdan kelgancha, lekin nimadir qiling.

8-savol:

Suhbatni davom ettirmoqchi boʻlganlar sizni qayerdan topadi?

Umida Yuldosheva:

— Ijtimoiy tarmoqlarda: @UmidaUsmon. Hozir Yoshlar ishlari agentligida kitobxonlik va yoshlar loyihalari boʻyicha maslahatchiman, ikkita xalqaro tashkilotga maslahat beraman, ilmiy institutlarga sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazishda yordam beraman. Ijtimoiy loyihaga qiziqqan yoki oʻzini ilmga, PhD va tadqiqotga bogʻlamoqchi boʻlgan yoshlar bemalol yozsin. Darrov javob beraman deb vaʼda bera olmayman, lekin har bir fellowga javob qaytarishdan xursand boʻlaman.

Soʻngsoʻz

Suhbat tugab, xayrlashayotganimizda Umida Yuldosheva yana bir gap aytib o’tdilar:

„Shu ikki yilda nimanidir notoʻgʻri qildik yoki foyda keltirmadi degan ikkilanish boʻlsa, umuman oʻylamang. Oʻn-oʻn besh yildan keyin shu ishlarning savobi qaytib kelayotganini oʻzingiz sezasiz.“

— Umida Yuldosheva

Fikrlar

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

Hozircha fikr yoʻq. Birinchi boʻling.