Aslida Ustozona.uz blogida bir haftalik faoliyatim va dars jarayonlarim haqida batafsil yozmoqchi edim. Lekin bu birinchidan oʻzimga va buni oʻquvchilar uchun ham zerikarli ekan degan qaroga keldim hamda formatni oʻzgartirishni maʼqul koʻrdim. Endi har haftada bitta maqola chiqaraman — unda oʻzim bilgan, amaliyotida duch kelgan va meni oʻylantirgan pedagogik fikrlarimni boʻlishib boraman.
Birinchi maqola baholash haqida boʻladi. Kuni kecha bir hamkasb ukamiz ustozona.uz dagi jurnal yuritish va baholash bosqichida yuzaga kelgan tushunmovchiliklarini aytib qoldi. Keyin oʻzimcha oʻylanib qoldim: „Bizdagi baholash tizimining qayerida xato bor? Biz oʻzi nima maqsadda baholayapmiz?“.
Oldin baholashning oʻzi nima ekanligi haqida bir oʻylab koʻraylik. Baholash nima va uni qayerda ishlatamiz? Fikrimcha, inson sifatida biz har kuni va har qadamda baholaymiz. Doʻkondan nimadir xarid qilayotganda ham ikki narsani solishtirib, qaysi biri yaxshiroq deya xulosa qilamiz. Yoki biror narsa tayyorlash jarayonida ham baholab boramiz — chunki tayyorlash bosqichida xatolarni oʻzgartirish va yaxshilash mumkin. Lekin baholashda bir muhim shart bor: baholanayotgan narsalar bir jinsdan, bir xil turdan boʻlishi kerak. Masalan, yemishni yemish bilan, kiyimni kiyim bilan baholash oʻrinli.
Xoʻsh, amaldagi maktab jurnallarimizda va sovet pedagogikasidan qolgan tizimda ahvol qanday?
Hozirgi maktab jurnallarida har bir sanaga mavzu biriktiriladi va oʻsha mavzuga (aslida esa oʻsha „kunga“) baho qoʻyiladi. Maktabda informatika darslarini oʻtish va Ustozona/Murabbiyona platformasi ustida ishlash jarayonida shuni kuzatdimki, bizda baholash konkretsiz.
„Koʻpincha oʻqituvchilar shunchaki baho qoʻyish kerakligi uchun qoʻyishadi. Aniq maqsad yoʻq. Qarasangiz, jurnal chiroyli shaxmat doskasiga oʻxshab turishi kerak: bugun bunisiga, keyingi safar boshqasiga. Manzara juda chiroyli, goʻzal, lekin maʼno qani, mohiyat qani?“

Uning ustiga baho qoʻyish nihoyatda subyektivlashib ketgan. Kimgadir 5, kimgadir 4, kimgadir 3 qoʻyiladi. Yana bir yomon tomoni — agar oʻquvchining xulqi yoqmasa yoki darsda notoʻgʻri ish qilib qoʻysa, uning darsdagi faoliyatiga va bilimiga ham past baho qoʻyib yuboriladi. Yaʼni biz nimani oʻlchayotganimizni oʻzimiz ham bilmayapmiz. Aniq oʻlchov yoʻq, oʻlchagandan keyin u natija bilan nima qilishimiz haqidagi savollarga esa javob yoʻq.
Men Ustozona loyihasida yangi narsa kashf qilmadim. Jahon amaliyotida bor boʻlgan toʻgʻri va mantiqiy tajribani shunchaki olib kirmoqchiman, xolos. Tizimdagi asosiy qoida shunday: Siz kunni emas, mavzuni emas, aynan topshiriqni baholaysiz.
Nega aynan topshiriq? Chunki oʻquvchiga vazifa bersangizgina, shu topshiriq natijasida uning akademik darajasini hamda Bloom taksonomiyasining kognitiv bosqichlarini bilib olasiz. Topshiriq bizga baholash uchun konkret dalil beradi. Dalil boʻlmasa, baholashning nima keragi bor?
Buning uchun topshiriqlarni toifalarga (masalan, Google Classroom'dagi Grading Topics kabi) ajratish lozim.

Bular:
Sinf ishi;
Uy ishi;
Loyiha ishi;
Yakuniy imtihon.
Topshiriqlar oʻz xarakteriga koʻra ikkiga boʻlinadi: formativ (shakllantiruvchi) va summativ (xulosalovchi).
Formativ baholash yakuniy xulosa yoki hukm chiqarmaydi. U oʻquvchi ongida bilim va koʻnikmalar shakllanayotgan jarayonda oʻqituvchiga axborot (dalil) beradi: „Bu bola nimani tushundi-yu, qayerida muammo bor?“. Oʻqituvchi shu dalilga qarab taxmin qilmasdan, keyingi darsini va keyingi qadamlarini toʻgʻri rejalashtiradi.

Summativ baholash esa oʻz nomi bilan xulosalovchi. U qandaydir marraga yetganda chiqariladigan hukm boʻlishi kerak — masalan, oʻquvchining 5-sinfdan 6-sinfga oʻtishini hal qilish uchun.
Agar biz har bir bob yoki chorak yakunida summativ baholash oʻtkazsak-u, lekin oʻsha bobdan oʻta olmagan oʻquvchini sinfda qoldirmasdan baribir keyingisiga oʻtkazib yuborsak, demak bu summativ emas! Amalda bu shunchaki diagnostik (formativ) baholash boʻlib qoladi.
Biz oʻzimizni aldamasligimiz kerak. Diagnostika qilyapmizmi, demak sinfning qancha foizi mavzuni oʻzlashtira olganiga qarab keyingi darslarimizni rejalashtirishimiz zarur. Baholashning asliy mantigʻi va maqsadi ham shunda.


