Ustozonablog
KirishRoʻyxatdan oʻtish

Yangi oʻquv yili: Zerikarli ochilish, dim sinfxona va oʻquvchilar

Birinchi haftaning „qovunlari“, tizimdagi tizimsizlik va sunʼiy idrok yordamida taʼlimni shaxsiylashtirishga tashlangan ilk qadamlar

OA

Otabek Abdusattorov

2026-yil 6-sentabr3 daqiqa

22

Yangi oʻquv yili boshlandi va bizning sarguzashtlar ham boshlandi. Bu yozganlarimdan nimadir oʻrganasiz deyishdan yiroqman. Shunchaki oʻzim uchun refleksiya, xatolarimni aytish va ulardan avvalo oʻzim uchun xulosa chiqarish, darslarga tayyorgarlik, dars oʻtish jarayoni va shu kabi mavzular haqida yozaman.

2-sentyabr: Maktab ostonasidagi ziddiyatlar

Ertalabdan hamkasbim bilan maktabga yoʻl oldik. Yoʻl-yoʻlakay „Teach For Uzbekistan“ dasturini tark etgan hamkasbimiz bilan suhbatlashdik. Qadrdon boʻlib qolgandik. Bizga nimadir yetishmayotgandek edi. Maktabga yetib borganimizda esa bayram tadbiri boshlanib ketgan ekan. Oʻqituvchilar va oʻquvchilar bilan koʻrishdik, salomlashdik.

Biroq, salkam bir soat davom etgan „bayram“ tadbiri oʻta zerikarli oʻtdi. Avvaliga „Zoom“ orqali viloyat hokimi, soʻngra tuman boshqarmasi boshligʻi uzundan uzoq nutq soʻzladi. Xullas, tadbir oʻquvchilarniki boʻlmadi. Hamkasbim bilan bu holat bolalarning kayfiyatiga yomon taʼsir qilishi, ularni maktabdan bezdirishi haqida dardlashdik.

Xulosa:

Yangi oʻquv yilining ilk tadbiri — hisobotlar maydoni emas. U oʻquvchilar uchun bagʻishlanishi, ularni chiroyli kutib olib, maktabga, ilmga boʻlgan hayratini va ishtiyoqini uygʻotishi kerak.

Ichkariga kirgach, navbatdagi tushunarsizlikka duch keldik: zavuch (oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari) hali dars jadvalini toʻliq shakllantirmagan ekan. Dars taqsimoti bor-u, aniq reja yoʻq. Qaysi payt darsing borligini bilmaysan, maʼlumotlar yoʻq.

Bir amallab 9-A sinfiga darsim borligini aniqlab kirdim. Ularga yozni qanday oʻtkazganliklari, qiziqishlari va darslarni qanday olib borishimiz haqida soʻrovnomali viktorina tayyorlagan edim. Afsuski, tartibsizliklar fonida birinchi dars koʻngildagidek chiqmadi.

Tushdan keyin fellowlar bilan hamkasbimiz tavallud ayyomi munosabati bilan bir piyola choy ustida yigʻildik. Soʻng yana maktabga qaytib, zavxoʻz (xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari) bilan elektron doskani devorga oʻrnatdik.

Tushuntirish

E-doskani bu yil ishlatishim. Oʻtgan yili TV bilan, undan keyin esa Veyon orqali kompyuterlarni oʻzida dars oʻtganman. Lekin ular e-doskaga yetmaydi baribir.

Oʻsha e-doska

Shomgacha esa asosiy vaqtimni „ustozona.uz“ platformasini rivojlantirishga sarfladim — aynan direktor oʻrinbosarlari uchun dars jadvali yaratish ostloyihasini tizimga qoʻshish ustida ishladim.

3-sentyabr: Tizimlashtirish va standartlar

Maktabdagi qogʻozbozlik va rejasizliklardan charchab, bugungi kunimni toʻliq „ustozona.uz“ platformasini takomillashtirishga bagʻishladim. Asosiy eʼtiborni oʻquv standartlari boʻlimiga qaratdim.

Yangilanish:

Endilikda taʼlim standartlari toʻgʻridan-toʻgʻri darslarga biriktiriladi. Oʻquvchilarga beriladigan har bir topshiriq ham tasodifiy emas, aynan shu standartlar asosida baholanadi.

Bu mantiqni ishlab chiqish biroz vaqt oldi, lekin tizimni tartibga solish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Qogʻozdagi rejalar qanchalik mukammal boʻlmasin, amaliyot oʻz soʻzini aytadi. Ertasi kungi darslarim buni yana bir bor isbotladi.

4-sentyabr: Balogʻat yoshi, dim xona va kutilmagan quvonch

Bugun birinchi soatdan 10-B sinfiga darsim bor edi. Ular — balogʻat yoshidagi, oʻtish davrining murakkab oʻzgarishlarini boshdan kechirayotgan shaxsiyatchalar. Oʻtgan yili ham ular bilan til topishish oson boʻlmagan. Bu yil aksariyat yigitlar texnikumga chiqib ketgani hisobiga sinf ancha qisqarib qolibdi. Ular bilan ilk darsni oʻzim istagandek qiziqarli tashkillashtira olmadim. 10-A sinfi bilan rejalashtirilgan diydorimiz esa, ularning sinf rahbari (hamkasblardan biri) oʻzining fanini oʻtib qoʻygani sababli keyingi haftaga qoldi.

Soʻngra 9-sinflar bilan uchrashdik. 9-A bilan munosabatlarni yanada yaqinlashtirishga urinsam, 9-B bilan birinchi marta tanishib, soʻrovnoma oldim. Har bir javobni sinchiklab koʻrib, ular bilan yakka tartibda suhbatlashishga harakat qildim.

Lekin eng katta muammo — sharoit. Informatika xonasi nihoyatda issiq va dim. Tushdan keyin quyosh toʻppa-toʻgʻri xona derazasiga tushib, qizdiradi. Oʻquvchilar ham, oʻzim ham zoʻrga chidab oʻtiramiz. „Teach For Uzbekistan“ va Sterling Foundation koʻmagida kelgan yangi kompyuterlarni internet borligi uchun aynan shu xonaga oʻrnatgan edik. Qishda xonaning isishi unchalik bilinmagandi, bahordan boshlab esa haqiqiy sinovga aylandi. Konditsioner bor, lekin ishlata olmasdik (buning oʻzi alohida bir doston). Xullas, hamkasbim bilan usta chaqirtirib, konditsionerni oʻrnatdik, lekin hali ishlagani yoʻq. Yana ozroq ishlari qoldi.

Ustalar

Kunning ikkinchi yarmida esa bolalar bilan munosabat qurishdagi kichik, ammo oʻta samarali bir usulni qoʻllab koʻrdim.

Eslatma:

Kaminaning oʻzi tugʻilgan kunini nishonlashdan umuman voz kechgan. Lekin oʻquvchilar qalbini topishda bu yondashuvni qoʻllab koʻrishga qaror qildim. Garchi oʻzim uchun ziddiyatli boʻlsa ham, buning natijasi ajoyib.

Ustozona.uz“ga oʻquvchilarning tugʻilgan kunlarini kiritib qoʻyganman. Tizim menga bugun bir oʻquvchimizning tavallud ayyomi ekanligi haqida bildirishnoma yubordi. Darslar tugab, maktabdan qaytayotganimda uni yoʻlakda toʻxtatib, samimiy tabriklab qoʻydim. Bolaning yuzidagi quvonch va minnatdorchilik hissini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi…

5-sentyabr: Ovozli qaydlar va sunʼiy idrok

Jumaning charchoqlari ortda qolib, shanba kuni ertalab yana „ustozona.uz“ ustida ishladim. Tushdan soʻng esa 6 va 7-sinflar bilan darslarim davom etdi.

Bu safar kutilmagan usulni qoʻlladim: telefonim diktofonini yoqdim va sinfdagi barcha oʻquvchilardan yozgi taʼtilni qanday oʻtkazgani, yangi oʻquv yilidagi rejalari va hech kim majburlamasa ham maza qilib shugʻullanadigan ishlari haqida soʻrab, ovozlarini yozib oldim.

Maqsad nima?

Bu ovozli maʼlumotlarni oʻquvchilarning „ustozona.uz“dagi shaxsiy profillariga qayd sifatida kiritaman. Keyinchalik sunʼiy idrok orqali ularning aynan shu qiziqishlariga moslashtirilgan shaxsiy darslar va topshiriqlar ishlab chiqaman.

Dars davomida yil davomida nimalarni oʻrganishimiz haqida taqdimot qildim. Shuningdek, ularni tizimdagi xulq ballari (gamification) bilan tanishtirdim. Bolalar buni katta qiziqish va hayrat bilan qabul qilishdi. Hamma shartlarni ochiq-oydin tushuntirdim va dars oxirida birgalikda kelishib oldik. Shu bilan hafta yakunlandi.

* * *

🎵 Hafta qoʻshigʻi:

Peter Gabriel — „My Body Is a Cage“

Fikrlar

Fikr bildirish uchun hisobingizga kiring

Shunda fikringiz ismingiz va rasmingiz bilan koʻrinadi.

Hozircha fikr yoʻq. Birinchi boʻling.